Yoshlar – xalq diplomatiyasining asosiy ishtirokchisi va tayanchi

Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida 2021 yil 4 mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʼstlik aloqalari qoʼmitasi, Oʼzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, “Oʼzbekiston-Frantsiya” doʼstlik jamiyati, “Istiqbol” tadqiqot markazi Nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Yoshlar – xalq diplomatiyasining asosiy ishtirokchilari va tayanchi” mavzusidagi davra suhbati boʼlib oʼtdi.

Tadbirni Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor, “Oʼzbekiston-Frantsiya” doʼstlik jamiyatining ijrochi direktori Raima Shirinova ochib berdi. Yoshlar bilan ishlash boʼyicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov universitet rahbariyati nomidan mehmonlarni qutlab, bugungi kunda universitet yoshlarining barcha sohadagi yutuqlari, turli xil tanlovlarda erishgan yuksak natijalari borasida batafsil toʼxtalib oʼtdi.

Davra suhbatida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʼstlik aloqalari qoʼmitasi boshqarma boshligʼi Zokir Obidov, Oʼzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Kabuljon Sobirovlar tadbirda qatnashgan universitet talabalariga bugungi kunda davlatimiz tomonidan berilgan keng imkinoyatlar, yaratilgan sharoitlar va gʼamxoʼrlik hamda eʼtibor toʼgʼrisida atroflicha toʼxtalib oʼtdilar.

Shuningdek, tadbirda АQShning mikrobiologiya jamiyatining Oʼzbekistondagi elchisi Dilfuza Egamberdieva, Janubiy Koreyadagi Oʼzbekistonliklar uyushmasi raisi oʼrinbosari Odiljon Karimov, Yaponiyadagi Oʼzbekiston yoshlar assotsiatsiyasi raisi Joʼrabek Hasanov va Frantsiyadagi «Meros» assotsiatsiyasi raisi Farrux Yuldashevlar onlayn formatda ishtirok etishdi.

Dilfuza Egamberdieva imkoniyatdan foydalanib yoshlarga bugungi kunning Beruniylari, Ulugʼbeklari, Ibn Sinolari yetishib chiqish davri kelganligini, bu yoʼlda yoshlarning bilim egallashlari, kelajakda ilm yoʼlidan borib oʼzbek xalqini dunyoga tanitishda bor kuch gʼayratlari va imkoniyatlarini safarbar etishlari lozimligini taʼkidladi. Аyniqsa, olimaning xotin-qizlarni ilm yoʼlidagi yutuqlarini dunyo miqyosida barcha yoʼnalishlar kesimida tahlil qilib bergan maʼlumotlari tadbirda ishtirok etgan talabalarda katta qiziqish uygʼotdi.

Xususan, Oʼzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Kabuljon Sobirov tomonidan yoshlarga hamkorlikda loyihalara ishtirok etish, ularni qiziqishlariga qarab tadbirlar tashkil qilishi mumkinligi toʼgʼrisidagi fikri talaba yoshlar tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.

Tadbir soʼngida universitet talabalari darsdan boʼsh vaqtlarida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʼstlik aloqalari qoʼmitasiga borib ish oʼrganish taklifi bilan chiqdilar va bu taklif Zokir Obidov tomonidan qoʼllab quvvatlandi.

Xalqaro aloqalar boʼyicha prorektor

Raima Shirinova