Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Birgalikda Qoʻqon-Siyan-Zomin turizm hamkorligini yaratamiz!

Ayni kunlarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Xitoy Xalq Respublikasining Siyan shahridagi Shensi pedagogika universiteti (Shaanxi Normal University) hamda Qoʻqon universitetlari hamkorligida “Birgalikda Qoʻqon-Siyan-Zomin turizm hamkorligini yaratamiz” mavzusidagi oʻzbek-xitoy yosh tadqiqotchilarining Xalqaro forumi oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 26-28-sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur forumda uchala universitet rahbariyati, vakillari va yosh tadqiqotchilari, Fargʻona viloyati hamda Qoʻqon shahar hokimligi mas’ullari ishtirok etishmoqda.

Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Qoʻqon universiteti direktori Gʻafurjon Zaxidov, Qoʻqon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov, Fargʻona viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikasiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Xurshidjon Axmedov hamda Shensi Pedagogika universitetining Afgʻoniston tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Li Xinvey xonim nuqt soʻzladi.

Xalqaro forumdan koʻzlangan maqsad – Qoʻqon shahri, Rishton va Zomin tumanlari, qolaversa, Fargʻona va Jizzax viloyatlari turistik ob’ektlarining jozibadorligini namoyish etish, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Siyan shahri yoshlari, aholisini ushbu qadamjolar va turistik ob’ektlarga qiziqishini oshirish, turistik manzillar tarixi va etnografiyasini oʻrganishda hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy monografiyalar va ular asosida oʻquv adabiyotlarini yaratishdan iborat.

Forumning birinchi kunida oʻzbek va xitoy universitetlari yosh tadqiqotchilarining turizmni rivojlantirish, hamkorlikda ilmiy-amaliy loyihalarni oshirish borasida taqdimotlari tinglandi va dolzarb muammolarni hal qilish boʻyicha tavsiyalar berib oʻtildi.

Qoʻqon, Siyan va Zomin shaharlari oʻrtasida turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Forumning navbatdagi kunlarida Qoʻqon va Zomin tumanlarining turistik ob’ektlariga sayohatlar uyushtirilishi ham belgilangan.

OʻzMU Axborot xizmati