26-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida yozuvchi va shoirlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti direktori Botirjon Ergashev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, “II Darajali sog‘lom avlod uchun” ordeni sohiblari Muhiddin Omonov hamda Ma’mura Zohidovalar O‘zbekiston Milliy universitetida mehmon bo‘lib, talaba-yoshlar bilan uchrashishdi.
Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda, yoshlar orasida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqni oshirish, madaniy intellektni shakllantirish, badiiy savodxonlik darajasini shakllantirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan mazkur uchrashuvni birinchi prorektor Jabbor Muhammadiyev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Taklif etilgan mehmonlar kitobxonlikning kishi ma’naviy olamini kengaytirishdagi o‘rni va afzalliklari, yoshlarning dunyoqarashini rivojlantirishda adabiyotlarning tutgan ahamiyati haqida so‘z yuritib, ijod namunalaridan yig‘ilganlarni bahramand etishdi.
Shundan so‘ng, mehmon ijodkorlar hamda talaba-yoshlar bilan qizg‘in muloqot olib borildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflariga, javob, munosabat olishdi.
Ijodkorlarga O‘zbekiston Milliy universiteti bog‘i tanishtirildi. Ular O‘zbekiston Milliy universitetida “Yashil makon loyihasi” doirasida biologiya fakultetiga qarashli “Botanika bog‘i”ni sayr qilib, talabalar tomonidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, mehmon ijodkorlar O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar turar joyida talaba-yoshlar bilan uchrashib, davra suhbati qurishdi.
Suhbat davomida kitobxonlikka jalb qilish, badiiy savodxonlikni oshirish borasida so‘z borib, ijodkorlar talabalarni ma’nan uyg‘oq bo‘lishga chorlashdi.
O‘zMU Axborot xizmati