O‘zbekiston Milliy universitetida yil yakuniga bag‘ishlangan “2024-yil yakunlari: natijalar va istiqboldagi rejalar” nomli tantanali bayram tadbiri tashkil etildi. Unda universitet rahbariyati, rektor va soha prorektorlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, nufuzli mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni bayram tabrigi bilan ochib bergan universitet rektori Inom Madjidov yig‘ilganlarni kirib kelayotgan yangi yil bilan qutladi. Shuningdek, o‘tgan yilda turli sohalarda erishilgan yutuq va natijalar, kelgusida amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar va rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng universitet rahbariyati ishtirokida qator nominatsiyalar bo‘yicha bir guruh professor-o‘qituvchilar, jamoalar, bo‘limlar, kafedralar taqdirlandi.
Jumladan, “Eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichiga erishgan pedagog”, “Fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish bilan integratsiyasiga qo‘shgan hissasi uchun”, “Universitetning ilmiy salohiyatini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun”, “Xalqaro reytinglarda qo‘shgan hissasi uchun”, “Maktab ta’limi bo‘yicha yilning eng faol jamoasi”, “Yilning eng yaxshi o‘quv adabiyoti muallifi”, “Ijtimoiy-siyosiy tadbirlardagi yilning eng faol jamoasi”, “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi tarbiyachi-pedagogi”, “Yilning eng yaxshi tyutori” nominatsiyalari bo‘yicha bir guruh professor-o‘qituvchilar, jamoalar, bo‘limlar, kafedralar taqdirlandi.
Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan xodimlar, professor-o‘qituvchilar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining faxriy yorliqlari bilan mukofotlandi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng el ardog‘idagi san’atkorlar, O‘zbekiston xalq hofizlari, xalq va xizmat ko‘rsatgan artistlar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari hamda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutidan tashrif buyurgan iste’dodli xonandalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
O‘zMU Axborot xizmati