Bugun, 19-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetida Rus tilshunosligi kafedrasi tomonidan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda bakalavriat yo‘nalishining “Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)” kunduzgi bo‘limining 1-kurs talabalari faol ishtirok etdilar.
Qadimiy bahor va yangilanish bayrami munosabati bilan talabalar yorqin kontsert dasturini tayyorladilar: she’rlar o‘qib, xalq qo‘shiqlarini ijro etdilar. Milliy liboslarda o‘zbek va turkman raqslarini namoyish etib, zalga quvonch va bayramona muhit bag‘ishladilar.
Tadbirda Navro‘z urf-odatlariga alohida e’tibor qaratildi. Talabalar ushbu kunning ahamiyati, sumalak kabi an’anaviy taomlarning tayyorlanishi va bahorni qarshi olish odatlari haqida so‘zlab berdilar.
Tadbir O‘zbekistonda yashovchi xalqlarning madaniyati va urf-odatlariga hurmatni mustahkamlashga, shuningdek, talabalar orasida do‘stlik va birlik muhitini yaratishga xizmat qildi.
Bayramning mehmonlari chexiyalik talabalar bo‘lib, ular Navro‘z an’analari bilan qiziqib tanishib, tadbirda faol ishtirok etdilar.
Shuningdek, tadbirda fakultet dekani M. Chorshanbiyev, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari R.Omonov, rus tilshunosligi kafedrasi mudiri v.b. E.Alieva, rus adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri S.E. Kamilova hamda rus tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchilari ishtirok etdilar.