Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Hamdan Bin Muhammad smart universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugun, 14-may kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Hamdan Bin Muhammad smart universiteti rektori doktor Mansur Alavar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mazkur universitet Birlashgan Arab Amirliklari Dubay shahridagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, 2002-yilda Dubay valiahd shahzodasi shayx Hamdan Bin Muhammad Bin Rashid Al Maktum homiyligida tashkil etilgan.

Ilg‘or texnologiyalar orqali innovatsion va moslashuvchan ta’lim modellarini taklif qiluvchi arab dunyosidagi birinchi akkreditatsiyadan o‘tgan intellektual universitet sifatida tan olingan.

Smart universitetning o‘ziga xosligi unda smart ta’lim: onlayn, masofaviy ta’lim shakllarining uyg‘unligi hamda zamonaviy raqamli masofaviy texnologiyalar, sun’iy intellektdan keng foydalanishdadir.

Kelajak ko‘nikmalari hamda ta’limning raqamli transformatsiyasi ushbu intellektual universitetning strategik ustuvorligi hisoblanadi.

Rektor Inom Madjidov delegatsiya rahbarining fikrini ma’qullab, ushbu uchrashuv ikki tomon uchun ham manfaatli ekanini, ayniqsa Smart universitetning masofaviy ta’limni joriy etish borasidagi 23 yillik tajribasini qo‘llashda hamkorlik qilish ahamiyatini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘nggida ikki universitet o‘rtasida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik dasturini yo‘lga qo‘yish hamda o‘qib-izlanish uchun onlayn platforma yaratish fikri ma’qullandi.