O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetining 95 yillik yubileyi munosabati bilan “Kelajakka kimyo bilan intilamiz!” mavzusida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanni universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Yoqub Ergashev kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘z nutqida u ushbu anjuman kimyo fanining taraqqiyoti, yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishdagi o‘rni haqida to‘xtaldi.
Tadbirda Kimyo fakultetining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va iqtidorli talabalar faol ishtirok etishdi. Anjumanda kimyo fanining zamonaviy muammolari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, yangi avlod reagentlar sintezi, innovatsion texnologiyalar kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan ilmiy maqolalar va loyihalar kimyo fanining bugungi kundagi istiqbollari, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan amaliy yechimlar bilan ajralib turdi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman nafaqat fakultetning boy tarixini e’tirof etish, balki yosh avlodni ilmiy faoliyatga jalb qilish, ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
