Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Xalqaro e’tirof muborak bo‘lsin!

Budapeshtdagi Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida “Turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun” Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yil mukofotga taniqli turk biokimyogari, Nobel mukofoti sovrindori, O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori Aziz Sanjar sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Sanjarni samimiy tabriklab, nufuzli mukofotning ilm-fan arbobiga topshirilishi turkiy dunyo olimlari, jumladan, yoshlarni yangi marralarni zabt etishga ilhomlantirishini alohida ta’kidladilar.

Davlatimiz rahbari Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqida ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlangan olimning O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori ekanidan g‘ururlanishlarini bildirdilar.

Ilm-fan olamidagi bu ahamiyatli voqea, O‘zbekiston Milliy universitetining qadrdon hamkori, mashhur olim Aziz Sanjarga berilgan ushbu e’tirof universitetimiz jamoasini ham cheksiz quvontirdi. 

Nobel mukofoti sovrindori, molekulyar biolog va biokimyogar olimning O‘zbekiston Milliy universiteti bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini olib borayotgani, shu orqali mamlakatimiz ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. 

2018-yil 15-17-oktyabr kunlari professor Aziz Sanjar O‘zbekiston Milliy universitetining taklifiga binoan Toshkent shahriga keldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati va ilmiy jamoasi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘zMUda bo‘lib o‘tgan Ilmiy kengash qarori asosida u universitetning faxriy fan doktori unvoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Biokimyo kafedrasi huzurida “Aziz Sanjar nomidagi tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasi” ochildi. Ushbu laboratoriya zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, DNK, hujayra va oqsillar ustida ilg‘or tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirilgan.

Bu laboratoriya yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar ochdi hamda fundamental biologik va biotibbiyot yo‘nalishlarida xalqaro ilmiy loyihalarni amalga oshirishda muhim baza sifatida xizmat qilmoqda.

Laboratoriyaning ochilishi, shuningdek, professor Aziz Sanjarning ilm-fanga, ayniqsa, DNK tuzilishi va ta’mirlanish mexanizmlari borasidagi beqiyos hissasini O‘zbekistonda keng tan olishning timsolidir.

Laboratoriya bugungi kunda molekulyar biologiya, saraton kasalliklari, genetik tadqiqotlar va biotexnologiya yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar uchun innovatsion markazga aylanmoqda.

Jahon ilm-fanining zabardast vakili, molekulyar biologiya sohasining yetuk olimi, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjarni O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi nomidan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlangani munosabati bilan chin qalbdan tabriklaymiz. 

Ushbu mukofot mashhur olimning nafaqat fundamental ilm-fanga qo‘shgan beqiyos hissasi, balki turkiy xalqlarning birligi va intellektual taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk xizmatining yuksak e’tirofidir. 

Aziz Sanjarning O‘zbekiston Milliy universitetiga qilgan tashrifi, yosh olimlarga bergan motivatsiyasi va ularning nomiga ochilgan “Tarmoqlararo molekulyar biologiya laboratoriyasi” bugungi kunda o‘zbek ilm-fani uchun muhim ilmiy platformaga aylanganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

Ushbu yuksak mukofot olimning fidokorona mehnati, katta iqtidor va ilmiy sadoqat sohibi ekanidan dalolat berishini e’tirof etib, ularga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va yangi ilmiy yutuqlar tilaymiz. 

Hurmat bilan,
Inom Madjidov,

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor