Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 5-iyun kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi universitet Kengashi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda turli yo‘nalishlarga taalluqli qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Dastlab universitetda 2025/2026 o‘quv yili uchun talabalarni sifatli qabul qilish masalasi muhokama qilindi. Amalga oshirish zarur bo‘lgan tashkiliy chora-tadbirlar yuzasidan tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi. 

Ilmiy unvon va lavozimlarga tavsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur kengashda professor unvoniga 5 nafar, dotsent unvoniga esa 6 nafar nomzod tavsiya etildi. 

Kafedra mudiri va kafedra professori lavozimlariga nomzodlar tanlovi o‘tkazildi. Jumladan, 13 ta kafedra bo‘yicha 16 nafar nomzod kafedra mudiri, 20 ta o‘rin bo‘yicha esa 20 nafar nomzod kafedra professori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etdi.

2024/2025 o‘quv yilida rahbar va pedagog kadrlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari bo‘yicha rejaning bajarilishi yuzasidan hisobot eshitildi. Ilmiy loyihalar bajarilishi va ularning natijalari to‘g‘risida axborot berildi. Loyihalarning amaliy ahamiyati va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Universitetning 2025-yil QS fan yo‘nalishlari bo‘yicha reyting natijalari tahlil qilindi, shuningdek, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Yilning 1-choragida xorijiy investitsiyalar, grantlar va beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish bo‘yicha fakultetlar kesimidagi ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.

O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumi doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar asosida tuzilgan yo‘l xaritasining ijrosi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Universitetdagi uslubiy ishlar, kafedralarning salohiyatini oshirish va nashr etilgan o‘quv materiallari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.

Shuningdek, universitet Kengashida o‘quv, o‘quv-uslubiy, moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha turli masalalar muhokama qilindi.

O‘zMU Axborot xizmati