Bugun, 28-oktyabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Fizika fakulteti Fotonika kafedrasi dotsenti, fizika-matematika fanlari nomzodi, taniqli fizik olim Damir Abidovich Talipov xotirasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda universitet rahbariyati va jamoasi, professor-o‘qituvchilar, marhum olimning oila a’zolari, yaqinlari hamda shogirdlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov so‘zga chiqib, Damir Abidovichning ilmiy va pedagogik faoliyati, uning universitet rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, fidokorona mehnati va oliy insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritdi. Rektor marhum olimning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Tadbir ishtirokchilari Damir Talipov haqida samimiy xotiralarini bayon etib, uning shogirdlariga qoldirgan ilmiy merosi va insoniy ibratlari haqida iliq fikrlar bildirishdi.

Yig‘ilish yakunida marhum olim D.Talipov xotirasining 85 yilligi munosabati bilan ilmiy-pedagogik faoliyati yuksak baholanib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov olimning qizi — Fizika fakulteti Fotonika kafedrasi laboranti Gulnora Yuldasheva Damirovnaga topshirdi.
