Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq mamlakatlari oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, hukumat idoralari va xalqaro tashkilotlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.

Forumning ochilish marosimida QS (Quacquarelli Symonds) prezidenti va Boshqaruv Kengashi raisi Nuntsio Kvakvarelli so‘zga chiqib, Yevroosiyo mintaqasida oliy ta’limning yangi strategik istiqbollari, xalqaro integratsiya va ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni ta’kidladi.

Forumda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Majidov ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bugungi kunda oliy ta’lim faqat milliy miqyosdagi bilim va kadrlar tayyorlash markazi emas, balki ilmiy tadqiqotlar orqali global muammolar yechimini izlash, insoniyatning umumiy intellektual kapitalini yaratish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va akademik muloqotning asosiy drayveriga aylanib borayotganligi masalasiga keng to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, Inom Majidov O‘zbekiston Milliy universiteti ham keyingi yillarda o‘z faoliyatini xalqaro standartlar, mintaqaviy hamkorlik va global integratsiya tamoyillari asosida kengaytirib borayotganligini qayd etdi.

Forum doirasida O‘zMU S.Utebaev nomidagi Atirau neft va gaz universiteti va D.Serikbaev nomidagi Sharqiy Qozog‘iston universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Toshkentda o‘tayotgan “QS Eurasia Forum 2025” Yevroosiyo ta’lim makonida oliy ta’limni rivojlantirish, davlatlararo hamkorlikni kengaytirish va dunyo universitetlari bilan hamkorlikning yangi bosqichini shakllantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Forum 26-noyabrga qadar davom etadi.
O‘zMU Axborot xizmati