16-dekabr kuni Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasi Kengashining onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Moskva davlat universitetida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Yevroosiyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilar tarixiy xotirani asrab-avaylashda oliy ta’lim muassasalarining o‘rni, xalqaro reytinglarning universitet imijiga ta’siri va talabalarni jalb qilish, globallashuv sharoitida oliygohlarning roli va universitetlar reytingi natijalarini muhokama qildilar.

Kengashda O‘zMU rektori Inom Madjidov so‘zga chiqib, universitetlar o‘z faoliyatining mohiyatiga ko‘ra xotira va an’analarning fundamental saqlovchilari bo‘lib, bilimlarni, madaniy merosni rivojlantirish va avloddan-avlodga yetkazishda muhim o‘rin tutishi haqida fikr bildirdi.

Shuningdek, rektor yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va buning uchun samarali pedagogik usullarni ishlab chiqish Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasining hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.
Yakunda ishtirokchilar tegishli universitetlarni Yevroosiyo universitetlari assotsiatsiyasiga yangi a’zolikka qabul qilish masalasini muhokama qildilar.