Prezidentimizning 24-fevraldagi yoshlar bilan muloqotida belgilagan vazifalarining ijrosini ta’minlash maqsadida Oʻzbekiston Milliy universitetida bitiruvchi talabalarni ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rahbariyati tashabbusi bilan Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultanbekov ishtirokida fakultet dekanlari va viloyat mas’ullari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuv davomida universitetda tahsil olayotgan, Toshkent viloyatidan kelgan hamda viloyatda doimiy ro‘yxatda turuvchi bitiruvchi talabalarni to‘liq ish bilan ta’minlash tashabbusi ilgari surildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishda amaliy va manzilli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, universitet mas’ullari hamda viloyat hokimligi vakillari ishtirokida alohida ishchi guruh tuzish belgilandi. Mazkur ishchi guruh bitiruvchilarning mutaxassisligi, hududlar kesimidagi ehtiyoj va mavjud vakant ish o‘rinlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuv yakunida Toshkent viloyati hokimi va viloyat tuman hokimlari, shuningdek hokimlikning boshqarma va bo‘lim boshliqlari universitetga tashrif buyurib, bitiruvchi talabalar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirildi. Bu esa yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlashda tizimli va samarali yondashuvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
O’zMU Axborot xizmati