O‘zMU talabasi BMT Nyu-York shtab-kvartirasida xalqaro forumda ma’ruza qildi

O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari xalqaro maydonda o‘z ilmiy va ijtimoiy tashabbuslari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. 16-aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan BMT shtab-kvartirasida ECOSOC Youth Forum 2026 doirasida “Yoshlarni giyohvandlikning oldini olish tizimlariga jalb etish — Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtiruvchi omil sifatida” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu nufuzli forumda O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi magistranti Charos Abdugafurova UNODC Youth Network faol a’zosi sifatida ishtirok etib, o‘z ma’ruzasi bilan chiqish qildi. Uning ma’ruzasi “Markaziy Osiyo yoshlar tarmog‘i — UNODC: hamkorlik va profilaktika tajribasi” mavzusiga bag‘ishlandi. U o‘z chiqishida Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlar bilan ishlash, profilaktika tizimlarini rivojlantirish hamda ijtimoiy tashabbuslarni kuchaytirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib, bu tajribalarni xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etdi.

Mazkur tadbir BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) tomonidan Jazoir, Avstriya, Belgiya, Ekvador, Misr, Gresiya va Norvegiya davlatlari hamkorligida tashkil etildi. Ushbu ishtirok O‘zbekiston Milliy universiteti talabalarining xalqaro maydondagi faolligi, ilmiy salohiyati va global muammolar muhokamasidagi o‘rni ortib borayotganining yaqqol ifodasidir.