O‘zMUda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi

Oʻzbekiston Milliy universitetida anʼanaviy “Zamonaviy dunyoda rus tili va adabiyoti – 2026” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Mazkur nufuzli konferensiya Jurnalistika va oʻzbek filologiyasi fakulteti huzuridagi Rus tilshunosligi kafedrasi tashabbusi bilan oʻtkazilib, taniqli rus filologi Grigoriy Osipovich Vinokur tavalludining 130 yilligiga bagʻishlandi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy taʼlim muassasalari — N.A. Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod davlat lingvistik universiteti hamda M.V. Lomonosov nomidagi Shimoliy (Arktika) Federal universiteti vakillari ham faol ishtirok etdi.

 

Anjumanning ochilish marosimida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Yoqub Ergashov, Jurnalistika va oʻzbek filologiyasi fakulteti dekani Muzaffar Chorshanbiev hamda rus tilshunosligi kafedrasi mudiri Elvina Aliyeva samimiy qutlov soʻzlari bilan chiqish qildi.

Shuningdek, Rossotrudnichestvoning Oʻzbekistondagi vakillari — taʼlim va ilmiy dasturlar koordinatori Elizoveta Chenchenko va taʼlim hamda fan yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis Polina Kolkunova, Oʻzbekiston Rus madaniyat markazi raisi oʻrinbosari Tatyana Alimxodjaeva, ShAFU taʼlim ishlari boʻyicha prorektori A. M. Tamitskiy ishtirok etdi.

Bundan tashqari, “Til va adabiyot taʼlimi” ilmiy-metodik jurnali vakillari — Emma Torosyan, Shahina Muxammedjanova va Gulnoza Valieva ham anjuman ishiga oʻz hissalarini qoʻshdilar.

Yalpi majlis doirasida ShAFU bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ikki muhim loyiha — “Oʻzgaruvchan dunyoda madaniy merosni saqlash” xalqaro ilmiy-taʼlim loyihasi hamda Xalqaro rus tili olimpiadasi natijalari sarhisob qilindi. Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan OʻzMU talabalari diplom va sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Konferensiya davomida rus tilshunosligi va adabiyotshunosligining dolzarb masalalari, rus tili tarixi, zamonaviy tarjimashunoslik yoʻnalishlari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, maktab va oliy taʼlim muassasalarida rus tili va adabiyotini oʻqitishning ilgʻor metodlari, xususan, raqamli texnologiyalar imkoniyatlari keng yoritildi. 

Mazkur anjuman turli avlod vakillari boʻlgan rus filologlarini, shuningdek, Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan tadqiqotchilarni bir maydonga jamlab, samarali ilmiy muloqot, tajriba almashish va yangi ilmiy gʻoyalar shakllanishi uchun mustahkam platforma vazifasini oʻtadi.