O‘zbekiston Milliy universiteti Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi

Bugun, 2026-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetida universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda oliygohning ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim sifatini ta’minlash hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid muhim masalalar muhokama qilindi.

Majlisning kun tartibidagi dastlabki masala sifatida universitetning bir guruh izlanuvchan va fidoiy olimlarini ilmiy unvonlarga tavsiya etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bugungi qaror bilan 6 nafar professor hamda 12 nafar dotsent ilmiy unvonlariga talabgorlar tasdiqlandi. Bu oliygohning ilmiy maktablari an’analarini davom ettirish va kadrlar sifatini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Kengash a’zolari universitetda ta’lim sifatini tizimli ravishda ta’minlash va uning amaldagi natijalari bo‘yicha hisobotlarni tingladilar. Shuningdek, universitet Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida harbiy kadrlar tayyorlashning bugungi holati tahlil qilindi. Mazkur yo‘nalishda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularga zamonaviy harbiy bilimlar berish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Kengash qarori bilan matematika, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo, biologiya hamda fizika fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiada g‘oliblari rasman tasdiqlandi. Ushbu yoshlar kelajakda yurtimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

O‘zMU rahbariyati ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, ilmiy darajaga ega xodimlarga qo‘shimcha haq to‘lash masalasi ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida universitet Sport klubiga maxsus mablag‘lar ajratilishi ma’lum qilindi. Bu talaba-yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari va nufuzli musobaqalarda oliygoh sharafini munosib himoya qilishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Majlis yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, universitetning kelgusidagi strategik vazifalari belgilab olindi.

O‘zMU Axborot xizmati