Oʻzbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan “Arnasoy jilosi” xalqaro turizm festivali oʻtkazildi

O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan 29-aprel kuni Jizzax viloyatining Arnasoy tumani ko‘l sohilida tashkil etilgan “Arnasoy jilosi” xalqaro turizm festivali oliygohning nafaqat ilm-fan, balki turizm salohiyatini targ‘ib qilishdagi yetakchi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.

Mazkur nufuzli tadbirda universitetning mahalliy va xorijiy talabalari, professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari jam bo‘lib, festivalning ochilish qismida mutaxassislar, xususan, Geografiya va geoaxborot tizimlari fakulteti vakillari tomonidan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining o‘ziga xos tabiiy va ekologik xususiyatlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.

Ishtirokchilarning intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazgan “Zakovat” o‘yinlari, iqtidorli yoshlar ijrosidagi milliy va xalqaro kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy chiqishlar yuqori kayfiyat bag‘ishladi. Shuningdek, festival dasturi doirasida tashkil etilgan Arnasoy ko‘li bo‘ylab sayohatlar, voleybol, futbol, arqon tortish va turli qiziqarli estafeta musobaqalari talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan birga ularni sog‘lom turmush tarziga chorladi.

Ayniqsa, o‘zbek xalqining boy madaniy merosini aks ettiruvchi lapar va maqom ijrolari barcha qatnashchilarda, ayniqsa xorijiy talabalarda katta taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar va eng faol ishtirokchilar O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.