Bugun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi binosida O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti bitiruvchilarining magistrlik dissertatsiyalari hamda bakalavrlarning bitiruv malakaviy ishlari (BMI) himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yakuniy davlat attestatsiyasi jarayoniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Yig‘ilishlar va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Fatxiddin Muhiddinov raislik qildi.
Himoya jarayonida komissiya a’zosi sifatida «Yoshlar» telekanali direktori Elyor To‘laganov, Jurnalistika kafedrasi mudiri Mahliyo Mirsoatova hamda universitet Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Lakayevlar ishtirok etib, talabalarning ilmiy-ijodiy izlanishlarini atroflicha tahlil qildilar.
Tadbir davomida bitiruvchilar jurnalistika, media makon va zamonaviy kommunikatsiya jarayonlarining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari natijalarini taqdim etdilar. Talabalar o‘z chiqishlarida mavzularning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini asoslab berib, tahliliy fikrlash hamda kasbiy mahoratlarini namoyon etdilar.
Komissiya a’zolari har bir ishning nazariy va amaliy jihatlariga e’tibor qaratib, yosh mutaxassislarga kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan qimmatli tavsiyalar berdilar.
Bu kabi amaliyot bazalarida o‘tkazilayotgan himoyalar talabalarning oliy ta’lim davomida egallagan bilimlari bevosita soha mutaxassislari tomonidan sinovdan o‘tkazilishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Tadbir yakunida barcha bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi.
