O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Prezidentga o‘z tashabbusini taqdim etdi

30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yoshlar kuni munosabati bilan Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmaga tashrif buyurib, mamlakatimizning faol, tashabbuskor va izlanuvchan yoshlari bilan uchrashdi.


Tadbir davomida davlatimiz rahbari yoshlar tomonidan mahalla hayotini rivojlantirish, ekologiya, startaplar, muhandislik hamda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Shuningdek, loyiha mualliflari bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi.

Uchrashuvda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Nilufar Ergasheva ham ishtirok etdi. U davlatimiz rahbariga O‘zbekistonning adabiy xaritasini yaratish orqali adabiy turizmni rivojlantirish, shuningdek, “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida o‘zbek ijodkorlari ishtirokida yirik nazm va navo kechalari, she’riy oqshomlar hamda badiiy konsert dasturlarini muntazam tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar tomonidan ilgari surilgan istiqbolli g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlab, ularning mamlakat taraqqiyoti va jamiyat rivojidagi o‘rni alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Mazkur uchrashuv yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish va ularning intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi izchil davlat siyosatining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.