2026-yil 27-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Elchixonasida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi g‘oliblarini kutib olish marosimi hamda uchrashuv tashkil etildi. Tadbir doirasida Germaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, turli sohalardagi olimlar, madaniyat va xalqaro hamkorlik vakillari, shuningdek, Germaniyadagi o‘zbek pedagoglarining I qurultoyi ishtirokchilari bir maydonga jam bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Dilshod Axatov O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy hamda madaniy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan amalga oshirilayotgan AL-9224104729-sonli “Jadidchilik ta’limotining milliy-strategik g‘oyalarini ommalashtirishning konstruktiv transdisiplinar modelini yaratish” amaliy loyihasi ijrochilari ham tadbirda faol ishtirok etdi.

Loyiha rahbari, O’zbekiston Milliy universiteti professori Shahnoza Madayeva “Jadidchilik ta’limotining milliy-strategik g‘oyalari hamda ularning tarixiy va zamonaviy ahamiyati” mavzusida, loyiha a’zosi professor Noibaxon Mamadaliyeva esa “Jadid davri namoyandalari faoliyatida standartlar, metrologiya va mahsulot sifati” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, professor Temur Xo‘ja o‘g‘li tomonidan yaratilgan, professor Shahnoza Madayeva va yetakchi ilmiy xodim Shahnoza Nazarova hamkorligida nashr etilgan “Germaniyada Turkiston adabiyoti” nomli faksimile nashrning birinchi jildi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yakunida O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktorining o‘rinbosari Azamat Amirov tomonidan yaratilgan jadidglobal.uz platformasining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Germaniyaga amalga oshirilgan ilmiy-ma’rifiy safar yakunlari yuzasidan intervyu tashkil etilib, mazkur tashrifning ilmiy hamkorlikni kengaytirish va jadidlar merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
