O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro reytinglardagi natijalari va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi

12-oktyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida QS (Quacquarelli Symonds) xalqaro reyting agentligining Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bo‘yicha mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda universitet rektori Inom Madjidov hamda xalqaro aloqalar va ilmiy ishlar uchun mas’ul prorektorlar ishtirok etdi.

Muloqot davomida O‘zMUning xalqaro reytinglardagi amaldagi ko‘rsatkichlari va ularni yanada yaxshilash imkoniyatlari muhokama qilindi. Ayni paytda universitet QS World University Rankings reytingida 801–850-o‘rinlarni egallagan. QS Asia University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra, 180-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, QS Sustainability Rankings 2026 reytingida 970-o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, universitet QS Stars baholash tizimida 4 yulduzli maqomga ega.

QS World University Rankings by Subject 2026 fan yo‘nalishlari reytingida ham universitet qator natijalarga erishgan. Jumladan, Arxeologiya yo‘nalishida 201–260-o‘rinlar, Lingvistika va Matematika yo‘nalishlarida 301–350-o‘rinlar, Fizika va astronomiya yo‘nalishida esa 401–450-o‘rinlar oralig‘idan joy olgan.

Uchrashuvda reytinglarda yuqorilash uchun muhim hisoblangan akademik obro‘ (Academic Reputation) va ish beruvchilar orasidagi obro‘ (Employer Reputation) ko‘rsatkichlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Universitetning xalqaro akademik hamjamiyat va ish beruvchilar orasidagi nufuzini oshirish, QS so‘rovlarida hamkor olimlar hamda ish beruvchilarning faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.

Ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Xususan, Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalarida indekslanadigan nufuzli jurnallarda chop etiladigan maqolalar soni va sifatini oshirish, xalqaro hammualliflik aloqalarini kengaytirish hamda ilmiy ishlarga iqtiboslar ko‘rsatkichini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar va ish beruvchilar bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro reytinglar indikatorlari bo‘yicha natijalarni muntazam kuzatib borish va tahlil qilishga doir ustuvor vazifalar belgilab olindi.