2026-yil 2-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti hamkorligida nufuzli xalqaro ilmiy tadbir — «Ochiq ma’ruzalar dasturi» bo‘lib o‘tdi. Universitet Rektorati binosidagi Axborot-tahlil markazida tashkil etilgan mazkur anjuman zamonaviy talablarga mos ravishda bevosita va masofaviy (Zoom platformasi) formatlarni o‘zida jamlagan gibrid tarzda o‘tkazildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University») rektori Baxtiyor Po‘latov so‘zga chiqib, strategik rejalashtirishning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida to‘xtaldilar.

O‘zbekiston Milliy universitetidan soha prorektorlari Shuhrat Toshmatov, Ravshan Musurmanov, Vali Yodgorov hamda Komil Inakovlar qatnashdi.
Tadbirning asosiy qismida Moskva davlat universiteti Iqtisodiyot maktabi iqtisodiy va moliyaviy strategiyalar kafedrasi mudiri, MDU Murakkab tizimlar matematik tadqiqotlari instituti Strategik tadqiqotlar markazi direktori, akademik Vladimir Lvovich Kvint ishtirok etib, «Strategiya nazariyasi va strategiyalash metodologiyasi: asosiy jihatlar» mavzusida fundamental ma’ruza qildi.

Shuningdek, MDU professori, Strategik tadqiqotlar markazining yetakchi ilmiy xodimi Irina Viktorovna Novikova tomonidan taqdim etilgan «Iste’dodlarni strategik boshqarish» mavzusidagi ma’ruza tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ochiq ma’ruzalarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari bilan bir qatorda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Buxoro davlat universiteti, «Green University» hamda O‘zMU professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilari va talabalari faol ishtirok etdilar. Qizg‘in ilmiy muloqot va amaliy muhokamalar ruhida o‘tgan ma’ruzalar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javob oldilar.
O‘zMU Axborot xizmati