Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Chingiz Aytmatov avlodlari O`zMUda

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida atoqli adib Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag`ishlangan uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda adibning yaqinlari Jamila Aytmatova, Daniyar Asnelxanov, Rossiya Federatsiyasi Prezident akademiyasi Turk fakulteti mudiri, Chingiz Aytmatov tadqiqotchisi Nik Kiselyev, Chingiz Aytmatovning O`zbekistondagi doimiy ekspozitsiyasi rahbari Ahmadjon Meliboyev, universitet Yoshlar bilan ishlash bo`yicha prorektori Jabbor Muxammadiyev, Jurnalistika fakulteti professor-o`qituvchilari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, buyuk adib v jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg`iz xalqi, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o`zbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo, O`zbekistonning ulkan do`sti bo`lgan.
Uchrashuvda Chingiz Aytmatovning jiyani, yozuvchi Jamila Aytmatova Toshkent shahrida joriy yilning aprel oyi Chingiz Aytmatov oyligi o`tkazilishini ma’lum qildi.
Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o`rtasida do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo`lida fidokorona faoliyat olib bordi. Uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo`tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilinib, kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ayniqsa, xalqimiz uning asarlarini o‘zgacha mehr va qiziqish bilan qarshi oladi. Chunki ulug` adibning yurtimizga, xalqimizga bo‘lgan muhabbati, hurmati cheksiz va buyuk edi. Atoqli yozuvchi o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgani yosh adiblarimiz uchun yuksak ibrat namunasidir. Ijodkorning davlatimiz tomonidan “Do`stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangani xalqimizning adibga bo`lgan hurmati ifodasidir.
Mehmonlar Chingiz Aytmatov va O`zbekiston doimiy ekspozitsiya muzeyida Chingiz Aytmatovning fotosuratlar ekspozitsiyasi va yozuvchining gumanizm va ezgulik g`oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o`rtasida o`zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari bilan tanishib chiqdilar. Shuningdek, mehmonlar faxriy mehmonlar kitobiga esdalik uchun O`zbekiston Milliy universitetidagi Chingiz Aytmatov va O`zbekiston doimiy ekspozitsiya muzeyi haqida o`zlarining iliq fikrlarini bayon etib, dastxat yozib qoldirdilar.

 O`zMU Axborot xizmati