Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O`zMU O`zbek – Qozon qo`shma ta’lim dasturi talabalari Qozon Federal universitetiga jo`nab ketishdi

O‘zbekiston Milliy universiteti va Qozon Federal universiteti bilan boshlangan faol hamkorlik davom etmoqda. O`zMU O`zbek-Qozon qo‘shma taʼlim dasturiga muvofiq, Geodeziya va geoinformatika yo`nalishining 4-bosqich talabalari 7-semestr yakuniy imtihonlarini topshirish, amaliyotga tayyorgarlik ko`rish hamda Qozon Federal universitetidan biriktirilgan ilmiy rahbarlari bilan bevosita bitiruv malakaviy ishlari ustida ishlash maqsadida Qozon shahridagi Qozon Federal universiteti (QFU) ga jo`nab ketishdi. Mazkur qo`shma ta’lim dasturi doirasida o`qish 4 yilga mo`ljallangan bo`lib, “3+1” formatda tashkil etilgan. Talabalarimiz O`zMU O’zbek-Qozon qo‘shma taʼlim dasturiga muvofiq, 3 yil O`zMUda, 1 yil QFUda tahsil olishadi. Darslar rus tilida hamkor universitetlar tomonidan tuzilgan ta’lim dasturi asosida olib boriladi. Dasturga muvofiq, o‘qishni muvaffaqiyatli bitirgan talabalarga O‘zbekiston Milliy universiteti va Qozon Federal universitetlarining ikki tomonlama (double degree) diplomlari beriladi. Tabiiyki, qo`shma diplom (Double Degree) sohiblari o`z sohalari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida karyera qilish uchun keng imkoniyatlarga ega bo`ladilar.
2021-yil sentabr oyida Rossiya Federatsiyasida karantin tartib-qoidalari kuchaytirilganligi munosabati bilan 7-semestr o`quv jarayoni onlayn tarzda olib borildi.
Ma’lumot uchun, O’zbek-Qozon qo’shma ta’lim dasturi fakulteti 2018-2019 o’quv yilida TOP UNIVERSITIES tasnifiga ko‘ra, nufuzli 500 ta oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblangan Qozon Federal universiteti (QFU) va O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) hamkorligidagi qo‘shma dasturida sifatida tashkil etilgan.

 O`zMU Axborot xizmati