Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

El ardog‘idagi suxandonlar bilan suhbat

O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida oliy toifali suxandon, “Turon” fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sohibi, “Umid”, “Egiz qo‘shiqlar”, “Dilkash davralar” singari turkum ko‘rsatuvlar muallifi Muslimbek Yo‘ldoshevning O‘zbekiston televideniyesida uzoq yillar faoliyat yuritgan oliy toifali diktor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Nasibamiz yo'li...” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda so‘z olgan 80 yoshdan sakrashga chog‘lanib yurgan oliy toifali suxandon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nasiba Ibrohimova talaba-yoshlarga so‘z mas’uliyati, o‘zbek dublyaj san’ati, o‘zbek televideniyesining tarixi va buguni, davrning nozikliklari, efir mas’uliyati, kitob mutolasi, ijodkor ayollarning xayotiy mashaqqatlari xususida atroflicha so‘zlab berdi.
Shundan Muslimbek Yo‘ldoshev bilan talabalar o‘rtasida quyidagicha savol-javoblar bo‘ldi: Bola tarbiyasidagi uslublaringiz. Tarbiyada qattiqqo‘llik, kaltak bilan tarbiyalashga munosabatingiz?

O‘zimni oilaparvar, bolajon deb ayta olaman. Farzand tarbiyasi har bir inson qilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifadir. Boshqa har kanday masala ikkilamchi, uchlamchi, beshlamchi… Ammo tarbiya ekan deb, urib, turtib, haqorat kilib, shafqatsizlarcha jazolab tarbiyalash tarafdori emasman. Ayniqsa, bolasini uradigan, karg‘aydigan ayollarni ko‘rsam juda jahlim chiqadi. O‘zim ham bolalarni urmasdan, tushuntirib, qalbiga yo‘l topib tarbiyalashni yaxshi ko‘raman. O‘g‘il bolalar bilan sal qattiqqo‘lroq bo‘lish lozim. Unda ham hadeb qo‘l yugurtiriraverish yaxshilikka olib kelmaydi. Aslida, farzand bilan til topishib olishdan to‘g‘riroq yo‘l yo‘q.

“Man kaltaklab tarbiya berganman-da, mana, bolalarim “gah” desam qo‘limga qo‘nadi, hurmatimni o‘rniga qo‘yadi, deganlarga rahmim keladi. Bu ularning aqli pastligini bildiradi xolos. Aslida, bolalar tug‘ilganida hamma narsa peshanasiga muxrlangan bo‘ladi. Faqat, to‘g‘ri yo‘lga solib yuborish kerak xolos. O‘zingizga bog‘liq, yo ularni o‘zingizga do‘st qilasiz — bemalol ochilib gaplashadigan, sendan kochmaydigan bo‘lib o‘sadi. Yo o‘zingizga mute qilib olasiz — chaqirsang keladi, boshqa payt nariroqda yurishni afzal biladi.

– Do‘stlik haqidagi mulohazalaringiz… Do‘st “achitib” gapirishi kerakmi?
– Do‘stlik haqida bizdan avval o‘tgan salaflarimiz, mashoyixlarimiz aslo qadrini yo‘qotmaydigan asl haqiqatlarni aytib ketishgan. Men ulardan oshirib nimani ham ayta olishim mumkin. Lekin o‘zim shu paytgacha odamning cho‘ntagidagi puliga qarab do‘st tutinmadim. Gapi gapimga mos tushib, qiziqishlarimiz bir chiqib qolsa do‘st bo‘lib ketaverganmiz.

Yoshligimda ba’zan do‘stlarim bilan yurib, uyim esimdan chiqib ketardi. Shunday damlarda onam: “Odam degan yuravermaydi, “poshnasini oshna qilib”, “To‘ylining to‘yi o‘tar, to‘ysizning kuni o‘tar»… deyishgan. Oilaga, bola chaqagayam qarash kerak!” – derdilar. Xudo rahmat qilsin, onam do‘stlarimni “sortirovka” qilib turardilar. Ko‘ziga qarab turib: “Bunisi bo‘ladi, bunisi bo‘lmaydi” derdilar. Ammo men hammasini birday ko‘rib yuraverardim. Ba’zan do‘st tanlashda yanglishganman. Lekin, hozir shukur qilaman, sanoqli bo‘lsa-da, sadoqatli do‘stlarim bor.

Atrofimdagi tanishlarim: «Baxtlisiz-a, mana shunaqa do‘stlaringiz bor!» deb e’tirof etishgan paytlar ham bo‘lgan. Ana shanaqa damlar uchun ham bir umr “do‘sti sodiq” qidirib o‘tsangiz arziydi.
Agar do‘stingiz bo‘lsa-yu, har xil kunlaringizda nariroqdan tomoshabin bo‘lib turaversa, u do‘st emas-da… Kamchiligingizni aytmasa, noto‘g‘ri yo‘lingizdan qaytarmasa, ko‘zingiz, qulog‘ingiz bo‘lib orqavorotdan ham sha’ningizni himoya qilmasa… Undan ko‘ra vokzalda tasodifan uchratib qolgan hamsuhbat afzalroq. Chunki sizdan, siz undan xech narsa kutmaysiz. Do‘st, agar do‘st bo‘lsa, tergaydi, qaytaradi, maslahat solidi.

– Erkak kishi uchun ham tashqi qiyofaga, qomatga e’tibor berish kerakmi? Bu borada o‘zingiz nimalarga ahamiyat qaratasiz?
– Albatta! Erkak avvalambor, oila boshlig‘i! Shuni unutmasligimiz kerak. Men otasining kiyimidan uyaladigan, do‘stu yorlari orasida otasining chiroyli va orasta kiyinib yurishini istab, topgan puliga otasiga eng zo‘r kiyimlardan olib beradigan yigitlarni bilaman.

Dunyo juda tezlashib ketgan. Jahon madaniyati bilan yonma-yon nafas olayapmiz. Shuning uchun ham erkaklar o‘zlariga qarashlari, tanani, ust-boshlarini, kerak bo‘lsa ruhlarini ham doim parvarish qilib turishlari shart! Erkaklarga chiroyli bo‘lib yurish juda oson. Ular sartaroshxonalarga, soch turmaklashga ko‘p vakt va mablag‘ sarflamaydilar. Bitta xushbichim kostyum, bitta yaraqlagan poyafzal bo‘lsa bo‘ldi. Ba’zan to‘y-tadbirlarda odamlarni kuzataman. To‘y egalari rosa harakat qilib esda qoladigan, chiroyli bir tantana qilmoqchi bo‘ladilar. Lekin ba’zi odamlar atoqli restoranlarga ham, egnida sport kiyimi, oyog‘ida shippak kiyib kelishadi. Shuyam ishmi? Lekin menimcha o‘zing uchun kiyinmasang ham, atrofdagilar uchun, ularning ko‘ziga tushishingni o‘ylab ham orasta kiyinish, soch-soqolni tarashlab yurish kerak. O‘zim bolalikdan orasta kiyinishga o‘rganganman. Buvim rahmatli chevar edilar. Eng chiroyli shim, kuylaklarni tikib berardilar. Otam esa teatrda aktyor edilar. Bolalikdan etika va estetika asoslarini qulog‘imizga singdirganlar. Onam ham doim bir gapni takrorlardilar: “Eshakka – to‘qim, odamga – libos!» Har doim chiroyli kiyinib yurlaring, qimmat bo‘lmasin, lekin yarashib tursin, derdilar.
Qiziqarli va mazmunga boy o‘tgan taqdimotda talaba-yoshlar yana ko‘plab savollariga atroflicha javob olishdi.