The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

O‘zMUda “Amaliy etnologiya” laboratoriyasi ochildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tarix fakultetida “Amaliy etnologiya” laboratoriyasini ochilishi munosabati bilan “O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va amaliy etnologiyani rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy seminari onlayn shaklda bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti, Oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari, jami 60 dan ortiq yetuk etnolog va antropolog olimlar, tadqiqotchilar hamda magistr‑ talabalar ishtirok etishdi.

Mamlakatimizning yetakchi etnolog olimlaridan biri professor Adham Ashirovning “O‘zbekiston etnologiyasining nazariy metodologik tamoyillari” mavzusiga bag‘ishlangan ma’ruzasi seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Seminarda so‘zga chiqqan ekspertlar tomonidan “Antropologiya va etnologiya” yo‘nalishidagi talaba, magistrlarni tayyorlashda etnosotsiologiyaning o‘rni, o‘tkaziladigan dala amaliy tadqiqotlari usullarini takomillashtirish va ularni qo‘llash tartibi; aholining turmush tarzi xususiyatlarini o‘rganish; pandemiya sharoitida aholining urf‑odat marosimlari, yashash tarzining xususiyatlarining o‘zgarib borishi masalalarini ko‘rib o‘tish; umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’limda anketa so‘rovnomalari o‘tkazishda etnosotsiologiyaning ahamiyati; millatlararo, etnik va diniy mazhablar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar olib borish; etnologiyani o‘qitish muammolari va soatlar hajmi; ilmiy izlanish va tadqiqotlar mavzulari borasida 40 ortiq taklif hamda mulohazalar bildirildi.

Laboratoriyasining rahbari, tarix fanlari doktori Saodat Davlatova tadbir ishtirokchilarini laboratoriya faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari, istiqbolli rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish, o‘zaro tajribalar almashish, etnolog va antropolog tadqiqotlari metodlarini takomillashtirish zarurligini ham alohida qayd etdi. Laboratoriyaning asosiy faoliyati O‘zbekistonda etnologiya fanini rivojlantirish, media maqola, audio va video disskutsiyalar uyushtirish, laboratoriyaga jalb etilgan olimlar guruhini shakllantirish, laboratoriya tarkibida iqtidorli talaba va magistrantlar uchun “Ilmiy‑ijodiy ustaxona” tashkil etish zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Ayniqsa, etnologiya sohasida ilmiy‑amaliy maydon yaratish, malakali etnolog va antropologlarni tayyorlash laboratoriyaning asosiy maqsadi ekanligini ham aytib o‘tdi.

Ilmiy seminar mobaynida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti, Qarshi Davlat universiteti, Buxoro Davlat universiteti, O‘zR FA tarix instituti, O‘zMU tarix fakultetining “Antropologiya va etnologiya” kafedrasi etnolog olimlari munozaralarda faol ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshevning laboratoriyaning rivojlantirish borasida o‘z takliflarini bildirdi.

Laboratoriyaning shakllantirish va rivojlantirish borasida qator takliflarni ilgari surildi. Bular:

xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlari qoshida tashkil etilgan etnologiya va antropologiya markazlari va kafedralari bilan shartnomalar tuzish;

etnologiya yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari ko‘lamini oshirish;

etnologik tadqiqotlarning yangi metod, texnologiya va usullarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotda qo‘llash;

ilmiy tadqiqot ishlariga universitet talabalarini keng jalb qilish hamda ularda etnologik tadqiqotlarni o‘tkazish borasida ko‘nikmalar hosil qilish;

Respublika Oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish orqali ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etish;

O‘zbekistonda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va uyg‘unlashtirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;

fuqarolarning etnomadaniy talablarini o‘rganish, aniqlash va qanoatlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish;

ichki va tashqi manbaalar orqali mamlakatda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni buzishga va millatlararo adovatni avj oldirishga qaratilgan axborot-mafkuraviy ta’sirga qarshi kurashish choralarini ishlab chiqishda takliflar kiritish;

jamiyatda millatlararo muomala madaniyatini, bag‘rikenglikni, fuqarolarning sha’ni va milliy qadr-qimmatini hurmat qilishni shakllantirishga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqish;

amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq qilish, ilmiy-ommabop maqolalar tayyorlash va ularni ommaviy nashrlarda chop ettirish;

xorijda etnologiya sohasida faoliyat yurituvchi laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan aloqalar o‘rnatish, ular bilan o‘zaro ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish;

laboratoriya faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda xalqaro tashkilotlar (BMT, YUNISЕF, YUNЕSKO va boshqalar) tomonidan e’lon qilingan loyihalarda ishtirok etish;

xorijiy mamlakatlarda millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirilayotgan innovatsion g‘oyalar va loyihalarni o‘rganish, ularni mamlakatimizda tatbiq qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

o‘quv uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va ularni nashr etish.

O‘zMU Axborot xizmati