O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Pedagogik ta’lim” kafedrasi tashabbusi bilan “Global ta’lim va umuminsoniy qadriyatlar: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanda Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan 100 dan ortiq yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi. Tadbir doirasida globallashuv sharoitida ta’limning konseptual asoslari, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash masalalari hamda xalqaro tajriba almashinuvi muhokama qilindi.

Konferensiya davomida global ta’limning nazariy-metodologik asoslari, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan samarali usullar yuzasidan qator ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va ularning xalqaro ilmiy maydondagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Anjuman yakunida ilmiy maqolalar to‘plami nashr etildi hamda faol ishtirokchilar sertifikat va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Mazkur tadbir oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish, uni xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.