Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

HAR KUNING BO‘LSIN, NAVRO‘Z!

 Bugun, 29-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetiga qarashli talabalar turar joylarida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Har kuning bo‘lsin, Navro‘z” shiori ostidagi talabalar va professor-o‘qituvchilarning bayram sayllari bo’lib o‘tdi.


Mazkur bayram sayllarida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov, vazir o‘rinbosari S.Buzrukxonov, vazirlik huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori o‘rinbosari F.Farxodov, OTV ma'naviy-axloqiy tarbiya boshqarma boshlig'i N.Raxmonov, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori I.Madjidov va soha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Bayram sayllari davomida universitetga qarashli barcha talabalar turar joylari hududi bo‘ylab respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari va milliy qadriyat va an’analarining namoyishi, talaba-yoshlar o‘rtasida “Mohir oshpazlar” ko‘rik tanlovi hamda turli sport o‘yinlari, jumladan, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, stol tennis musobaqalari o‘tkazildi. Bayram sayliga tashrif buyurgan mehmonlar barcha talabalar turar joylarida tashkil etilgan sahna ko’rinishlarini tomosha qildilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, yangilanish va yasharish bayrami bilan tabrikladi:

“Bugun uzoq tarixga ega, shu bilan birga yurtimizdagi birinchi oliygoh hisoblanmish O‘zbekiston Milliy universitetida Navro‘zning o’zgacha bir shukuhiga guvoh bo’lmoqdaman. Har biringizning chehrangizda bahoriy kayfiyat va go’zallik ruhi ufurib turibdi. Barchangizni yangilanish, yasharish va ezgulik ayyomi bilan chin dildan tabriklayman. O’zbekiston Milliy universiteti Markaziy Osiyoda va dunyoda o’zining nufuziga ega. Oliygoh birinchilardan bo’lib TOP-1000 likdan o’rin olsin”.

 


Shundan so’ng O’zbekiston Milliy universiteti rektori I.Madjidov o’z so’zida Navro’zi olam azal-azaldan keng nishonlanib, insonlar o’rtasida mehr-muruvvat, diyonat, adolat va insoniylik tamoyilini targ’ib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, barchani bayram bilan muborakbod etdi.

 


Shuningdek, universitetga qarashli talabalar turar joylarida tashkil etilgan sahnada barcha fakultet talabalari tomonidan folklor qo‘shiqlar, raqslar hamda musiqalar ijro etildi. Tadbir ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashib, bundan keyin ham yurt osoyishtaligi yo’lida bor bilim va salohiyatini safarbar etishga ruhlantirdi.

 

O`zMU Axborot xizmati