Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Ma‘rifatga boy sayohat

Bugungi kunda Oliy  va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi barcha OTMlar qatori Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushma qoʻmitasi muntazam ravishda ichki turizmni rivojlantirishga keng eʼtibor qaratib kelmoqda.

Joriy yilning 4-dekabr kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Kasaba  uyushma qoʻmitasi tashabbusi bilan  50 kishidan iborat universitetning  mehnat faxriylari va xodimlaridan iborat jamoasi Samarqand shahriga bir kunlik sayohatga yuborildi.

Sayohat davomida universitet jamosi sayohatchilari  qadimiy Samarqandning diqqatga sazovor joylari, jumladan, “Amir Temur” maqbarasi, “Registon” maydonidagi “Tilla Kori”, “Sherdor”, “Ulugʻbek” madrasalari va “Bibixonim”masjidida boʻldilar. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Hazrati Xizr” maqbarasi yonidagi qabrini ham ziyorat qildi. 

Sayohat davomida sayohatchilar navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari toʻgʻrisida katta taassurotlarga ega boʻldilar.

-Men Samarqand shahriga juda koʻp marta kelganman. Har kelganimda bir ish yoki topshiriq boʻyicha vazifani bajarib, darrov Toshkentga qaytishga toʻgʻri kelgan. Shunday boʻlsa ham shaharning koʻplab tarixiy joylarini ziyorat qilishga ulgurganman va har bir ziyoratimda oʻzim uchun yangi tarixiy maʼlumotlar olganman. Bugungi sayohatimiz ham sermazmun boʻldi. Samarqand shahrida yashab,  uning tarixini oʻrganish uchun bir umr kamlik qiladi. Shunday  sayohatdan oʻzimga bu shahar tarixi haqida yangi maʼlumotlar oldim va cheksiz taassurotlar bilan qaytdik, deydi universitet mehnat faxriysi, filologiya fanlari doktori, professor Muxtor Xudoyqulov.

Sayohat davomida Samarqandning noyob meʼmoriy obidalari  hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shaharda barpo etilgan ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy inshootlar, sayilgohlar va shaharda qad koʻtarayotgan binolarni hamda shahar ichki va tashqi  kommunikatsiya tizimini qayta qurish ishlari olib borilayotganligini koʻrar ekanmiz, koʻhna va hamisha navqiron shahar, deya taʼrif beriladigan  Samarqandning oʻtmishi qanchalik buyukligidan, keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilgan oʻzgarishlar uning shuhratini yanada oshirganligiga guvoh boʻldik. Asosiysi, tarixi boy, kelajagi buyuk Oʻzbekistonimizning farzandi, yuksak aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati bilan dunyoga mashhur ajdodlarning vorisi ekanimizdan faxrlanamiz.

O‘zMU Axborot xizmati