O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilariga Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan rektorning bayram tabrigi

 

Hurmatli Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari, faxriylari, hamkor jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillari!

Sizlarni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi nomidan samimiy tabriklayman hamda barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, pedagogik, kasbiy va ijodiy faoliyatingizda yuksak zafarlar, yangi yutuq va omadlar tilayman.

Bugungi kunda mamlakatimizda ochiqlik, so‘z erkinligi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy axborot makonida jurnalist zimmasidagi mas’uliyat yanada ortib, tezkorlik, xolislik, professional yondashuv va ishonchli axborotni jamoatchilikka yetkazish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayniqsa, raqamli media, sun’iy intellekt texnologiyalari va ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda haqqoniy axborotni ajratib bera oladigan, tanqidiy fikrlaydigan va yuksak kasb etikasiga amal qiladigan jurnalistlarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazib kelayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, fidoyi jurnalistlar hamda blogerlarning mehnatini yuksak qadrlaydi. Universitetimiz faoliyatini muntazam yoritib, ilm-fan va ta’lim mavzularini ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotgan barcha hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Jurnalistika taraqqiyoti, avvalo, malakali va zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq. O‘zbekiston Milliy universitetida yarim asrdan ortiq tarixga ega Jurnalistika kafedrasi mamlakatimiz jurnalistika ta’limining shakllanishi va rivojlanishida munosib o‘rin egallab kelmoqda. Ushbu ilmiy maktabdan yetishib chiqqan minglab bitiruvchilar bugun respublikamiz va xorijdagi nufuzli ommaviy axborot vositalarida, axborot xizmatlari hamda kommunikatsiya sohasida samarali faoliyat yuritmoqda.

Fursatdan foydalanib, Jurnalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari, soha faxriylari, ilmiy izlanuvchilari va talabalari, shuningdek, universitetimizning ishonchli hamkoriga aylangan barcha jurnalist va blogerlarni kasb bayrami bilan chin dildan tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, yangi ijodiy parvozlar, kasbiy muvaffaqiyat va yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!

Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori