O‘zbekiston Milliy universiteti rektorining Qurbon hayiti munosabati bilan universitet jamoasiga bayram tabrigi


Qadrli hamkasblar, muhtaram professor-o‘qituvchilar!
Aziz talaba-yoshlar!

Sizlarni qalblarimizga yorug‘lik, xonadonlarimizga fayzu baraka ulashib kirib kelgan shukuhli ayyom Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Bugun Yangi O‘zbekistonda kechayotgan ulug‘vor islohotlar, jamiyatimizdagi tinchlik-totuvlik va barqarorlik siyosati xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini har qachongidan-da mustahkamlamoqda. Prezidentimizning tashabbuslari bilan ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan tarixiy yangilanishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. Xususan, poytaxtimizda barpo etilgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi, ko‘hna zaminimizdagi Imom Buxoriy majmuasi hamda boshqa tabarruk qadamjolarning tubdan qayta bunyod etilgani ajdodlarimizning buyuk merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning yorqin namunasidir.

Quvonarlisi, ushbu muqaddas maskanlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan yoshlarning, xususan, dunyoning turli chekkalaridan kelgan xorijiy talabalarimizning ham eng sevimli ziyoratgohlariga aylanmoqda. Yoshlarimizning har bir tashrifi ularning qalbida buyuk tariximizga, milliy qadriyatlarimiz va umuminsoniy merosimizga nisbatan cheksiz muhabbat hamda hurmat hissini uyg‘otmoqda. Bu maskanlar chinakam ma’no va ma’rifat ko‘prigi vazifasini o‘tamoqda.

Bugungi global taraqqiyot va tizimli islohotlar talablaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Milliy universitetida ta’lim sifatini oshirish hamda yuqori natijadorlikka erishish yo‘lida izchil harakat qilinmoqda. Xususan, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamoamiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan keksalar va faxriylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish hamda ko‘p asrlik «ustoz-shogird» an’analarini izchil davom ettirish faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Shu bilan birga, munosib shart-sharoitlar yaratish, o‘quv binolari hamda laboratoriyalarni zamonaviy qiyofaga keltirish borasidagi amaliy qadamlar universitet hayotiga ijobiy sur’at bag‘ishlamoqda. Jamoamizning ahilligi, ustozlarimizning fidoyiligi va yoshlarimizning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi ushbu tizimli yangilanishlar jarayonining samaradorligini ta’minlamoqda.

Siz azizlarni ezgulik, saxovat va mehr-oqibat ramzi bo‘lgan muqaddas ayyom bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, tinchlik-omonlik tilayman. Ilm-fan va xalqimizga xizmat qilishdek sharafli faoliyatingizda, o‘qish va ijodingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.

Ahli xonadonlarimizdan totuvlik, fayzu baraka arimasin, jonajon Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Inom Madjidov,
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori