Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O`zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sovrindori

Joriy yilning 11-mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tayanch doktorantlar (PhD) uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovining saralash va yakuniy bosqichlari bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda ishtirok etgan O`zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektual texnologiyalari fakulteti 2-bosqich tayanch doktoranti Matlatipov San’atbek G‘ayratovich g’olib deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi bo’ldi.
S.Matlatipov O‘zbek tilidagi sentiment tahlili uchun annotatsiyali korpus qurish ustida keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Jumladan, tabiiy tillarni qayta ishlash jarayonida so‘z shakllarini morfologik tahlil qilish model hamda algoritmlari asosida dasturiy modul va vositalari ishlab chiqilgan. Korpus va morfologik dasturiy modulga asoslanib, O‘zbek tilida bildirilgan taklif va fikrlarni klassik mashina o‘rganish va zamonaviy neyron to‘rlar algoritmlaridan foydalangan holda sentiment tahlil qilish modeli qurilgan.
S.Matlatipov ilmiy izlanishlari yuzasidan dunyoning ko‘plab davlatlarida ilmiy stajirovka o‘tagan va malakasini oshirgan. Xususan, dasturlash bo‘yicha dunyoning Top-5 taligiga kiruvchi Germaniyaning SAP kompaniyasida “APP-00792:Daily Content Service for the topic BREXIT based on SAP Data Hub” loyihasi bo‘yicha 3 oylik ilmiy-amaliy stajirovka va Avstriyaning Vena Texnologiya universitetida 2 oylik amaliyot, Ispaniyaning Santiago-de-Kompostella va La-Korunya universitetlari, Polshaning Adam Miskeivich universiteti va Gresiyaning Vest Attika universitetlarida malakasini oshirgan hamda ilmiy-amaliy seminarlarda faol ishtirok etgan. Polshaning Adam Miskvich universitetida o‘tkazilgan xalqaro Springer konferensiyasida o‘z maqolasi bilan qatnashib, “Eng yaxshi talaba maqolasi” nominatsiyasida 1-o‘rinni egallagan.
Matlatipov San’atbek G‘ayratovichni universitet rahbariyati va jamoasi nomidan tabriklaymiz va kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz.

O`zMU Axborot xizmati