O‘zbekiston Milliy universiteti THE Impact Rankings 2026’da TOP-200+ safidagi o‘rnini mustahkamladi

Bugun, 24-iyun kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Global Sustainable Development Congress” (Global Barqaror rivojlanish kongressi) doirasida Times Higher Education Sustainability Impact Ratings 2026 reytingi natijalari e’lon qilindi.

2026-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti mazkur reytingning umumiy natijalari bo‘yicha dunyoning eng yaxshi universitetlari orasida TOP-200+ o‘rinni egalladi.

O‘zMU Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG)ning qator yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalarni qayd etdi. Jumladan, SDG 2 – “Ochlikka qarshi kurash”, SDG 6 – “Toza suv va sanitariya”, SDG 7 – “Arzon va toza energiya”, SDG 13 – “Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash” hamda SDG 15 – “Quruqlikdagi hayot” yo‘nalishlari bo‘yicha dunyo reytingida 101–200-o‘rinlar guruhidan joy oldi.
Shuningdek, SDG 17 – “Maqsadlar yo‘lida hamkorlik” yo‘nalishida 201–300-o‘rinlar guruhini egallab, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 100 pog‘onaga yuqoriladi.

Ta’kidlash joizki, THE Impact Rankings reytingida 2025-yilda 2 526 ta universitet ishtirok etgan bo‘lsa, 2026-yilda reytingdan 1 646 ta universitet o‘rin oldi.

Bu esa reyting talablari va raqobat darajasi yanada kuchayganini ko‘rsatadi. Shunday sharoitda O‘zMUning dunyoning TOP-200 universitetlari safidagi o‘rnini mustahkamlashi universitetning xalqaro nufuzi hamda barqaror rivojlanish yo‘lidagi yutuqlarining yana bir muhim e’tirofi bo‘ldi.