
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Fransiya Milliy san’at va hunarmandchilik konservatoriyasi (CNAM) delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Fransiyaning oliy ta’lim, kasbiy tayyorgarlik va amaliy tadqiqotlar sohasidagi yetakchi davlat muassasalaridan biri bo‘lgan CNAM bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida hamkorlikning bir qator ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, kasbiy va qo‘shimcha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari, malaka oshirish va mutaxassislarni qayta tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislarning akademik mobilligini faollashtirish, sanoat korxonalari hamda ish beruvchilarning talab va ehtiyojlariga moslashtirilgan amaliy ta’lim dasturlarini yaratish, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar, xalqaro seminarlar va tajriba almashinuvlarini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldilar.