O’zbekiston Milliy universitetida «GISCA-2026» xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi

Shu yilning 28–30-may kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida «Raqamli Yer uchun geofazoviy intellektual tizimlar» mavzusidagi «GISCA-2026» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu nufuzli anjuman geofazoviy texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari, masofadan zondlash va GIS sohalarida faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislar hamda yosh tadqiqotchilarni bir maydonga jamladi. Tadbir Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro hamkor universitetlar o‘rtasida innovasion geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konferensiyaning ochilish marosimida universitet o’quv ishlari bo’yicha prorektori Shuhrat Toshmatov va «Eurasia-Pacific UNINET» prezidenti, professor Yozef Shtrobl ishtirokchilarni samimiy qutladilar.

Uch kunlik dastur doirasida Avstriya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy kabi davlatlardan kelgan olimlarning ma’ruzalari tinglanmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar uchun sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ishlash va zamonaviy GIS dasturiy ta’minotlari bo‘yicha maxsus amaliy seminarlar tashkil etilgan.

Tadbir yakunida ilgari surilgan ilmiy g‘oyalar va yangi hamkorlik tashabbuslari kelajakdagi yirik ilmiy natijalarga asos bo‘lishi kutilmoqda. Konferensiya doirasida, shuningdek, texnik sessiyalar va poster taqdimotlari o‘tkazilib, unda sohadagi eng so‘nggi texnologik yutuqlar namoyish etilmoqda. Anjuman ishi 30 mayga qadar davom etadi.