O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston–Xitoy strategik hamkorlik tadqiqot markazi ish boshladi

2026-yil 9-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Xitoy Xalq universiteti (Renmin University of China) delegatsiyasi bilan uchrashuv hamda yangi tashkil etilgan Strategik hamkorlik tadqiqot markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida O‘zMU rahbariyati va Xitoy Xalq universiteti prezidenti, professor Ma Xuayde boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Delegatsiyaga Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi diplomati Sun Chandun hamrohlik qildi. Muzokaralarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarali Daminov, O‘zMU tomonidan Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha Ravshan Musurmanov hamda Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Komil Inoqov ishtirok etishdi.

Uchrashuvning asosiy voqeasi — O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «O‘zbekiston–Xitoy» strategik hamkorlik bo‘ycha tadqiqot markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Tomonlar ramziy lentani qirqib, markaz faoliyatiga start berishdi hamda uning ikki davlat ilmiy aloqalarini mustahkamlashdagi roli haqida so‘z yuritishdi.

Mazkur markaz «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida barqaror rivojlanish, mintaqaviy tadqiqotlar va tahliliy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Kelgusida ushbu platforma bazasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish rejalashtirilgan:
qo‘shma ilmiy tadqiqot markazlarini rivojlantirish;
ikki tomonlama diplom dasturlarini joriy etish;
professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar almashinuvi.

Tadbirning taqdimot qismida Xalqaro tadqiqotlar maktabi professori Syuy Sinyua tomonidan yashil energetika mavzusida ma’ruza o‘qildi. Unda zamonaviy energetika tendensiyalari va bu boradagi Xitoy tajribasi tahlil qilindi.

Ma’lumot uchun, Xitoy Xalq universiteti (Renmin University of China) 1937-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi davlat tadqiqot universitetlaridan biri hisoblanadi. Universitet nufuzli QS World University Rankings 2026 reytingida dunyo bo‘yicha 566-o‘rinni egallab turibdi. Bugungi kunda oliygoh dunyoning 70 dan ortiq davlatlari, jumladan, Harvard, Yale va Tokio universitetlari kabi nufuzli ilm-fan markazlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Xitoy delegatsiyasi rahbari, professor Ma Xuayde ma’muriy huquq sohasida dunyoga mashhur olim bo‘lib, u Xitoyning bir qator muhim qonunlari loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan.