O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston–Xitoy strategik hamkorlik tadqiqot markazi ish boshladi

2026-yil 9-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Xitoy Xalq universiteti (Renmin University of China) delegatsiyasi bilan uchrashuv hamda yangi tashkil etilgan Strategik hamkorlik tadqiqot markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida O‘zMU rahbariyati va Xitoy Xalq universiteti prezidenti, professor Ma Xuayde boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Delegatsiyaga Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi diplomati Sun Chandun hamrohlik qildi. Muzokaralarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ilm-fan va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarali Daminov, O‘zMU prorektorlari Ravshan Musurmanov hamda Komil Inoqov ishtirok etishdi.

Uchrashuvning asosiy voqeasi — O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «O‘zbekiston–Xitoy» strategik hamkorlik bo‘ycha tadqiqot markazining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Tomonlar ramziy lentani qirqib, markaz faoliyatiga start berishdi hamda uning ikki davlat ilmiy aloqalarini mustahkamlashdagi roli haqida so‘z yuritishdi. Uchrashuvda markazning kelajakdagi faoliyati, hamkorlikdagi tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Markaz o‘z faoliyatini uchta asosiy tamoyil asosida amalga oshiradi:
Yashil energetikani rivojlantirish va mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash;
Soha uchun yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash;
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish.

Tadbirning taqdimot qismida Xalqaro tadqiqotlar maktabi professori Syuy Sinyua tomonidan yashil energetika mavzusida ma’ruza o‘qildi. Unda zamonaviy energetika tendensiyalari va bu boradagi Xitoy tajribasi tahlil qilindi.