O‘zMU rektorining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami munosabati bilan universitet jamoasiga tabrigi!
Muhtaram ustozlar! Aziz talabalar!
Konstitutsiyamiz hayotimizning jon tomiri bo‘lib, farovonligimiz, demokratik tamoyillar asosida yashashimiz, adolat, insonparvarlikning ustuvorligini taʼminlanishi va inson huquqlari, manfaatlarining poydevoridir.
Jamiyatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, inson qadri uchun, kеlajak avlodlarimizning istiqboli uchun, ezgulik va sharafli maqsadlar sari tashlanayotgan qadamlar hisoblanadi.
Insoniyat paydo bo‘libdiki, u umri davomida farovon, xavfsiz yashash, farzandlari kamolini ko‘rish uchun qayg‘uradi. Bugungi globallashuv davrida har bir fuqaromiz, ayniqsa yoshlarimizning huquqlari, manfaatlari yo'lidagi eng ishonchli va qudratli kuch bu – Konstitutsiya.
Tug‘i bor davlat borki, uni ortida ozod ruh, mustaqillik, erkin so‘zining bor bo‘lishi, shu davlat, xalq va millatning ertasi borligini bildiradi.
Konstitutsiya borligimizga, butun so‘zimizga hujjatdir!
Yoshlarimizning bilim olishda ularni qo‘llab - quvvatlash, ilm yo'lidagi izlanishlarida keng imkoniyatlar berish, innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirishning ham mezonida Konstitutsiyaviy huquqlarimiz turadi. Bugungi kunda universitetimizda tahsil olayotgan 30 mingdan ortiq talaba-yoshlarimizning sifatli bilim olishlari, raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishlari, qadriyatlarimiz va insoniylik tamoyillari asosida tarbiyalanib, xalqimiz va millatimiz uchun kamarbasta avlod bo‘lib kamol topishlarida Qomusimiz ham kuch, ham ishonch, ham qudrat bo‘lib xizmat qiladi.
Huquq va burchlarimiz tarozusi bo‘lmish Konstitutsiya biz uchun faxr va hayotimiz mazmuni. Ustozlarimiz boshlab bergan sharafli ilm yo'lidagi izlanishlarimiz, o‘z sohamizda xalqaro miqyosda eʼtirof etiladigan darajadagi natijalarimiz, yutuqlarimiz, vatanparvar yigit-qizlar bo‘lib kamol topishimiz, jonajon yurtimizning istiqboli va ravnaqi yo'lidagi mehnatlarimiz bizning Vatan va xalqimiz oldidagi burchlarimizdir.
Men O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari huquqlari bilan birga burchlarini ham to‘kis ado etadigan yoshlar ekanligiga ishonaman. Sizlar Yangi O‘zbekistonni qurishda bunyodkor yoshlar qatorining oldingi saflarida turasiz!
Aziz hamkasabalar, talabalar!
Fursatdan foydalanib, barchangizni qadrli va ulug‘ bayram O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yillik bayrami bilan chin ko‘nglimdan tabriklayman.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi
O‘zbekiston Milliy universiteti
rektori, professor
Inom Madjidov