Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zMUning Mo‘ynoqdagi poligoniga Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, yoshlar bilan uchrashish, ularni holidan xabar olish, qariyb ming kilometr masofadan yo'l bosib kelib, dala amaliyotini o‘tayotgan yoshlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Milliy universitetining Mo‘ynoq tumani Shag‘rli ovulida joylashgan o‘quv-ilmiy poligoniga 2022-yil 13-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengashi deputatlari, Mo‘ynoq tumani hokimi va Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi raisi hamrohligida tashrif buyurdi. Tashrif mobaynida ekspeditsiya aʼzolari bo‘lgan O‘zMU talaba-yoshlari bilan roppa-rosa ikki soat muloqot qildi. Muloqot mobaynida Davlat ekologiya qo‘mitasi yoshlarga ilmiy-tadqiqot va dala amaliyotini o‘tashlari uchun shart-sharoit yaratib bergan universitet rahbariyatiga minnatdorchilik bildirar ekan, bunday ilmiy-amaliy ekspeditsiyalar uchun har doim qo‘mita amaliy yordam berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Shuningdek, yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida talabalarga motivatsiya beruvchi qiziqarli maʼlumotlarni so‘zlab berdi. Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, bundan uch yil muqaddam O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetining tashabbuskor talaba-yoshlari “Orol va yoshlar” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumanining Shag‘rli ovulida 2 gektar maydonda ekologik bog‘ barpo etishgan. Mazkur bog‘ bugun o‘z ichiga 15 tur va navdan iborat bo‘lgan, 1500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, tuproqni eroziyadan saqlovchi o‘simliklar plantatsiyasidan tashkil topgan O‘zMUning ekologik o‘quv-ilmiy poligoni deb yuritiladi.

O‘zMU Axborot xizmati