Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O’zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti hamkorligida taniqli jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, "Mehnat shuhrati" ordeni, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, ustoz Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida kitobining taqdimotiga bag‘ishlangan “Sog‘inch” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy anjuman tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti professor-o‘qituvchilari, ziyolilar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, ezgu ishga, ezgu so‘zga umrini baxshida qilgan Saydi Umirovning hayot va ijod yo'li xuddi o‘zi kabi erkin, samimiy kechdi. Buyuk moʼjiza – SO‘Zning zalvori-yu qudratini, masʼuliyatini yurakdan his etib, uni avaylab, eʼzozlab, ehtiyot qilib yashadi va ko‘plab shogirdlariga ana shu fazilatni singdirdi.
Samimiyatga samimiyatdan dars berib, ko‘nglidagi bolalik bilan hayotni (borliqni) himoya qilib keldi, deydi xotirlab shoir Eshqobil Shukur.
Ma’lumot uchun, Saydi Umirov 1938-yil 10-fevralda Samarqand viloyati, Payariq tumanida tug‘ilgan. U uzoq yillar Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) Jurnalistika fakultetida mamlakatga jurnalist kadrlarni yetkazib berishda o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, serqirra mehnat va ijodiy faoliyati davomida Saydi Umirov “Sanʼatning sehrli kaliti”, “Daʼvatkor so‘z”, “Sollanib oqayotgan daryo”, “Tolibnoma”, “Ziyobaxsh umr sahifalari” (hammualliflikda), “Dorilfununlar taqdirimda”, “Maʼnaviyat mulkiga sayohat”, “Sehrli va mehrli so‘z” kabi ko‘plab kitoblari nashr etilgan, 500 ga yaqin ilmiy, publitsistik maqola, ocherk va esselarni yozdi.

O’zMU Axborot xizmati