Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida O’zMU bilan ilmiy hamkorlik davom etmoqda

Sho’rtan gaz kimyo majmuasi Аtrof-muhit muhofazasi xizmati xodimlari Oʼzbekiston Milliy universiteti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida mutaxassislarning ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan boʼlib, undan unumli foydalanib kelayotgan ishchi-xodimlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Аtrof-muhit muhofazasi xizmati xodimlari Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universiteti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Hamkorlikda sanoat chiqindilarini qayta ishlash usullarini topish, metall konstruktsiyalarining ishlash vaqtini uzaytirish, yaʼni biokoroziyaning oldini oluvchi hamda oqova suvlar tarkibidagi mikroorganizmlarni zararsizlatirishda ishlatiladigan yangi organik moddalar sintez qilish boʼyicha bir qator yutuqlarga erishmoqdalar. Universitet olimlari bilan hamkorlikda Аtrof-muhit muhofazasi xizmati yetakchi muhandisi Xoliyorov Shavkat Bakirovichning "Oqova suvlarni tozalash sexi qurilmasi separatorida yigʼilgan chiqindi tarkibini oʼrganish va qayta ishlash" hamda Ekoanalitik laboratoriyasi boshligʼi Usmanov Choriyor Eshmuminovichning "Ishlatilgan dietanolamini tozalash va uning asosida sintezlar" mavzuidagi olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlari xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda maqolalar chop etilmoqda. Аtrof-muhit muhofazasi xizmati yetakchi muhandisi Sh.Xoliyorovning "Oqova suvlarni tozalash sexi qurilmasi separatorida yigʼilgan chiqindi tarkibini oʼrganish va qayta ishlash" mavzuidagi ilmiy ishi orqali qurilmada yigʼilgan chiqindi tarkibini chuqur tahlil qilib uni qayta ishlashni yoʼlga qoʼyish va bu orqali mazkur sanoat chiqindisining atrof-muhitga salbiy taʼsirini oldini olishga qaratilgan. Bu esa oʼz navbatida chiqindilarni joylashtirganlik uchun toʼlanadigan toʼlovlar miqdorini keskin kamaytirishga xizmat qilish bilan bir qatorda, qurilmaning uzoq vaqt xizmat qilishini taʼminlaydi. Bundan tashqari, neft va gazni qayta ishlash korxonalarida hosil boʼladigan shu kabi chiqindilarni qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.
Ekoanalitik laboratoriyasi boshlig’i Ch.Usmanovning "Ishlatilgan dietanolamini tozalash va uning asosida sintezlar" mavzuidagi ilmiy ishi orqali esa gazni chuqur qayta ishlashda hosil bo’ladigan dietanolamin chiqindisini qayta ishlash (tozalash)ni yo’lga qo’yib, undan qayta foydalanish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bunda mazkur tozalangan dietanolaminni qayta ishlatish yoki mash’ala (fakel)ga yoqiladigan zararli gazlarni ushlab qolishdan iborat. Bu orqali dietanolamin ishlatiladigan barcha gazni qayta ishlash korxonalaridagi mavjud muammolarni yechish nazarda tutilgan. Shuningdek, olib borilayotgan ilmiy izlanish va ijobiy natijalarga erishilgan tadqiqot ishlarini sanoat korxonalariga qo’llash orqali ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirilishiga erishiladi.

O’zMU Axborot xizmati