Toshkent shahrida 2026-yilning 20–22-aprel kunlari «Jurnalistika ta’limida axborot yaxlitligi, gender, xavfsizlik va sun’iy intellekt» mavzusidagi uch kunlik intensiv seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika kafedrasi professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etdi.

Seminarning birinchi kuni axborot yaxlitligi va dezinformatsiya muammolariga bag‘ishlandi. Xalqaro ekspert Serhiy Shturxetskiy boshchiligida ishtirokchilar algoritmlar axborot iste’molini qanday shakllantirishi va ijtimoiy tarmoqlarning biznes modellari noto‘g‘ri axborot tarqalishiga qanday ta’sir qilishini tahlil qildilar.
Ikkinchi kun davomida genderga sezgir jurnalistika va siyosiy jarayonlarni yoritish standartlari muhokama markazida bo‘ldi. Ekspertlar bilan birgalikda mediadagi gender og‘ishi va manbalar bilan ishlashda muvozanatni saqlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, jurnalistlarning huquqiy, raqamli va jismoniy xavfsizligi mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilar kiberxavfsizlik asoslari, manbalarni himoya qilish va xavfni baholash bo‘yicha yangi o‘quv modullarini ishlab chiqdilar.

Seminarning yakuniy bosqichi jurnalistikada Sun’iy Intellekt (SI) imkoniyatlari va xavflariga bag‘ishlandi.

Seminar shunchaki nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, ishtirokchilar o‘zlari o‘tayotgan fanlarning sillabuslarini zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha amaliy ish olib bordilar. Har bir ishtirokchi keyingi semestr uchun aniq harakat rejasini ishlab chiqdi.

Tadbir yakunida barcha qatnashchilarga xalqaro namunadagi sertifikatlar topshirildi. Ushbu seminar O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika ta’limini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
O’zMU Axborot xizmati