Latviya delegatsiyasi bilan amaliy uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 24-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga Latviya Respublikasining nufuzli Daugavpils universiteti delegatsiyasi, jumladan, universitet Kengashi raisi va rivojlanish bo‘yicha prorektori Yanis Kudinsh, ilmiy bo‘lim rahbari Anna Vanaga hamda moliya va hisob-kitob bo‘limi rahbari Rita Baltere tashrif buyurdi.

Mehmonlarni O‘zMUning uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektori Ravshan Musurmanov, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Komiljon Inakov hamda mutasaddi bo‘lim rahbarlari kutib oldilar.

Ushbu tashrif 2025-yil sentabr oyida Riga shahrida o‘tkazilgan “Birinchi Latviya–O‘zbekiston rektorlar forumi” doirasidagi kelishuvlarning mantiqiy va amaliy davomi bo‘ldi. Muloqot avvalida tomonlar universitetlar faoliyati, zamonaviy ta’lim standartlari va ilmiy salohiyat borasida o‘zaro ma’lumot almashdilar.

Tashrif davomida latviyalik mehmonlar O‘zMUning Amaliy matematika, Ijtimoiy fanlar, Fizika hamda Biologiya va ekologiya fakultetlaridagi zamonaviy laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, sun’iy intellekt, nanotexnologiya va ilg‘or biologik tadqiqotlar yo‘nalishidagi ishlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Muzokaralar davomida hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:

  • Akademik mobillik hamda talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini jadallashtirish;
  • Xalqaro grantlar doirasida birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
  • Nufuzli xalqaro nashrlarda qo‘shma maqolalar chop etish.

Uchrashuvning eng muhim amaliy natijalaridan biri sifatida, Daugavpils universiteti tomonidan O‘zMU uchun qiymati 20 ming yevro bo‘lgan grant ajratiladigan bo‘ldi. Mazkur grant doirasida O‘zMUning 10 nafar professor-o‘qituvchisi joriy yilning may oyida Daugavpils shahrida o‘tkaziladigan yirik xalqaro anjumanda ishtirok etadi.

Hamkorlikning navbatdagi bosqichi sifatida kelgusi haftada tegishli fakultetlar professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn muloqot o‘tkazishga kelishildi.