13-oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakultetida Xitoyning Elektron fan va texnologiyalar universiteti (UESTC) professori, Algoritmlar va mantiq laboratoriyasi rahbari Bakhadyr M. Khoussainov ishtirokida xalqaro ilmiy ma’ruza bo‘lib o‘tdi. Ma’ruza “Large Scale Geometries of Infinite Strings” mavzusiga bag‘ishlandi.
Ma’ruzada cheksiz so‘zlarning metrik fazolari va geometrik xususiyatlari, kvazi-izometriya tushunchasi hamda ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy natijalar yoritildi. Shuningdek, tadqiqotlarning kompyuter ilmlari, avtomatlar nazariyasi va mashinaviy o‘qitish sohalaridagi tatbiqlari muhokama qilindi. Tadbirda fakultet professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va yuqori bosqich talabalari ishtirok etib, ma’ruzachi bilan ilmiy munozara olib bordilar.
Tashrif doirasida O‘zMU va UESTC o‘rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. 12–16-oktabr kunlari Bakhadyr M. Khoussainov Algebra va funksional analiz kafedrasi yosh tadqiqotchilari, doktorantlari va magistrantlari uchun mustaqil ta’lim soatlari doirasida jami 16 soatlik algebra kursini olib bormoqda.
