O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi Tokio universitetida bo‘ldi

Yaponiyaga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi Tokio universiteti (University of Tokyo)da bo‘ldi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor boshchiligidagi delegatsiya a’zolari universitetning 100 yildan ortiq boy tarixi, ilmiy an’analari hamda Yaponiya oliy ta’lim tizimidagi yetakchi o‘rni bilan yaqindan tanishdilar.

Ayniqsa, dunyodagi eng yirik va boy akademik resurslardan biri hisoblangan Tokio universiteti kutubxonasi katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu kutubxona millionlab ilmiy manbalar, nodir qo‘lyozmalar va zamonaviy raqamli bazalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, nafaqat Yaponiyada, balki jahon miqyosida ham nufuzli ilmiy markazlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tokio universiteti Yaponiyadagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, 1877-yilda tashkil etilgan. Universitet xalqaro reytinglarda doimiy ravishda yuqori o‘rinlarni egallab keladi va ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsiyalar sohasida dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Madaniy-ilmiy aloqalar ramzi sifatida O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning dunyoga mashhur “Ziji Kuragoniy” asari Tokio universitetiga esdalik sovg‘a sifatida taqdim etildi. Mazkur noyob asar taqdimi ikki xalq o‘rtasidagi ilmiy meros va ma’naviy qadriyatlar uyg‘unligini ifodalovchi muhim ramz sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.