O‘zbekiston Milliy universitetida atoqli olim Ulug‘bek Mirxo‘jayevning 80 yillik yubileyi nishonlandi

O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo institutida Biologiya va ekologiya fakulteti Biofizika kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori, taniqli olim Ulug‘bek Zokirovich Mirxo‘jayev tavalludining 80 yilligi hamda ilmiy-pedagogik faoliyatining 55 yilligiga bag‘ishlangan kengaytirilgan Ilmiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitet rahbariyati, taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Majlisda O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati so‘zga chiqib, yubilyarni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etdi hamda ustozning universitet taraqqiyoti va respublika biofizika fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, Ulug‘bek Mirxo‘jayev nafaqat yetuk olim, balki mohir tashkilotchi sifatida ham tanilgan bo‘lib, u 2000–2003-yillarda O‘zMU prorektori lavozimida samarali faoliyat yuritgan.

Professor U.Mirxo‘jayev biologik membranalarda ion transporti va kroun-efirlar yordamida yakka ion kanallarini hosil qilish sohasida dunyo miqyosidagi yirik mutaxassis hisoblanadi. Uning ilmiy izlanishlari bugungi kunda tibbiyot va qishloq xo‘jaligida muhim amaliy natijalarni bermoqda. Xususan, olimning onkologiya sohasidagi tadqiqotlari natijasida 2022-yilda “Sarkoma-45 ni davolash uchun farmatsevtik kompozitsiya” ixtirosi uchun patent olingan. Shuningdek, uning ipakchilik sohasidagi innovatsion loyihasi — “Ipak qurtini boqish uchun sun’iy ozuqa” ixtirosi ham 2021-yilda patentlashtirilgan bo‘lib, soha samaradorligini oshirishda xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda professor Mirxo‘jayevning xalqaro ilmiy hamkorlik aloqalari ham tahsinga loyiq. U London universiteti kolleji (UCL) va Rossiyaning Bloxin nomidagi onkologiya markazi bilan hamkorlikda saratonga hamda neyrodegenerativ kasalliklarga qarshi yangi dori vositalarini yaratish ustida muvaffaqiyatli izlanishlar olib bormoqda.

Olimning 55 yillik faoliyati davomida 300 ga yaqin ilmiy ishlari, jumladan, 8 ta monografiyasi va o‘nlab darsliklari nashr etilgan. Uning rahbarligida 1 nafar fan doktori, 6 nafar fan nomzodi va 40 dan ortiq magistrlar tayyorlanib, ular bugungi kunda turli sohalarda ustoz an’analarini davom ettirmoqdalar.

Tadbir yakunida universitet jamoasi va shogirdlar Ulug‘bek Zakirovichga sihat-salomatlik va kelgusi ilmiy faoliyatida zafarlar tilab, o‘zlarining samimiy tilaklarini izhor etdilar. Milliy universitet faxri bo‘lgan bu kabi olimlarning hayot yo‘li yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.