Bugun 6-may, “Chorshanba – sport kuni” doirasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining sport kompleksida keng ko‘lamli sport tadbirlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqalar universitetda talaba-yoshlar va xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida universitet prorektori Shuhrat Toshmatov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni qutladi. Prorektor o‘z nutqi davomida universitet rektorining tadbir qatnashchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va ommaviy sportning inson salomatligidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ochilish marosimidan so‘ng dasturga muvofiq “Dorilfunun” jamoasining chiqishlari namoyish etildi. Jamoa tomonidan tayyorlangan badiiy va sportga oid maxsus chiqishlar tadbirga o‘zgacha jo‘shqinlik bag‘ishlab, barcha yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Sport mashg‘ulotlari doirasida ishtirokchilar bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar. Xususan, dasturga ko‘ra arg‘imchoqda sakrash, voleybol maydonlarida mokisimon yugurish hamda joyida turib uzunlikka sakrash kabi sport turlari bo‘yicha qizg‘in bellashuvlar va mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ushbu ommaviy sport tadbirida universitet rahbariyati, dekanlar, prorektorlar, tyutorlar, tarbiyachi-pedagoglar va barcha xodimlar talaba-yoshlar bilan birgalikda faol ishtirok etdilar.

O‘zMU Axborot xizmati