Bugun, 15-may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar bandligini ta’minlash, universitet bitiruvchilarini mehnat bozoriga samarali integratsiya qilish hamda ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi. Yarmarka talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida ochiq muloqot maydoniga aylandi.

Tadbirda mamlakat iqtisodiyotining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan 70 dan ortiq tashkilot va korxonalar ishtirok etdi. Ular tomonidan talabalar va bitiruvchilar uchun yuzlab bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari hamda stajirovka imkoniyatlari taqdim etildi. Mehnat yarmarkasi davomida yoshlar o‘z rezюмelarini topshirib, mutaxassislar bilan suhbatlar o‘tkazdi hamda zamonaviy mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy o‘quv yilida universitetni 8 mingdan ortiq bitiruvchi tamomlashi kutilmoqda. Hozirga qadar ularning qariyb 60 foizi ish o‘rinlariga ega bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli ravishda oshgan. O‘tgan 2024–2025 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra esa universitet bitiruvchilarining 96 foizdan ziyodi bandligi ta’minlangani oliygohda bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.
Universitet tomonidan bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida “Karyera va bandlik markazi” orqali keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Karyera kuni” mehnat yarmarkalari, workshop va ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, shuningdek, raqamli platformalar orqali vakant ish o‘rinlariga yo‘naltirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgani yoshlarning kasbiy rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ishlari ham faol davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyodagi yetakchi oliy ta’lim maskanlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Bir asrlik tarix davomida 100 mingdan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlagan universitet bugun ham zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlarni yetishtirishda muhim o‘rin tutmoqda. Eng muhimi, universitet bitiruvchilari mehnat bozoriga nafaqat diplom, balki aniq ish imkoniyatlari va mustahkam professional salohiyat bilan kirib bormoqda.