O‘zbekiston Milliy universitetida Malayziya Milliy universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Bugun, 16-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri – Malayziya Milliy universiteti (Universiti Kebangsaan Malaysia, UKM) rektori professor Dato Dr. Sufian Jusoh boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy loyihalar va xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish, shuningdek, qo‘shma seminarlar, yozgi maktablar hamda ilmiy anjumanlarni tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Malayziya Milliy universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi akademik va ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma tadqiqotlar va akademik mobillik dasturlarini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyida Malayziyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” doirasida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy qadamlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tomonlar kelgusida ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar, sun’iy intellekt, tabiiy va aniq fanlar, biznes va iqtisodiyot, shuningdek, islom sivilizatsiyasi va madaniy merosni o‘rganish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

O‘zMU Axborot xizmati