O‘zbekiston Milliy universitetida Portugaliyaning A3ES agentligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Portugaliya Oliy ta’limni baholash va akkreditatsiya qilish agentligi (A3ES) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda agentlik Boshqaruv kengashi raisi Joao Sagua, Bosh kotib Raquel Santos hamda baholash va sifat menejeri Luis Gouveia ishtirok etib, universitet mas’ullari bilan uchrashdilar. Ushbu tashrif Yevropa oliy ta’lim sifatini ta’minlash va xalqaro akkreditatsiya tajribasini o‘rganishga bag‘ishlandi.

  

Uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy universitetining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va A3ESning baholash mezonlari bilan yaqindan tanishish masalalari markaziy o‘rin tutdi. Tomonlar xalqaro akkreditatsiyaga tavsiya etilishi mumkin bo‘lgan dasturlarni aniqlash, qo‘shma ta’lim yo‘nalishlarini European Approach tamoyillari asosida baholash hamda o‘z-o‘zini baholash bosqichlarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar universitetga metodik yordam ko‘rsatish va xodimlar uchun maxsus treninglar tashkil etish istagini bildirishdi.

Ushbu muloqot O‘zbekiston Milliy universiteti hamda A3ES agentligi o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim bosqich bo‘ldi. Yevropa sifatni ta’minlash reyestriga (EQAR) kiritilgan ushbu nufuzli agentlik bilan sheriklik universitet ta’lim jarayonlarini xalqaro andozalarga moslashtirishga xizmat qiladi. Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etish va o‘zaro tajriba almashishni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.